ENERSAN

Sunny 365: AI ma'lumot markazlari uchun quyosh va saqlash bitta konturda

JinkoSolar sun'iy intellekt ma'lumot markazlari uchun integratsiyalashgan quyosh-saqlash yechimini e'lon qildi. Asosiy g'oya — 800 V o'zgarmas tok magistrali va ortiqcha o'zgartirish bosqichlarini oli

Enersan··2 daqiqa o'qish
Enersan - Sunny 365: AI ma'lumot markazlari uchun quyosh va saqlash bitta konturda

2026-yil 24-iyul. JinkoSolar Sunny 365 — sun'iy intellekt ma'lumot markazlari (AIDC) uchun mo'ljallangan integratsiyalashgan quyosh-saqlash tizimini taqdim etdi.

Muammo

AI modellarini o'qitadigan ma'lumot markazi an'anaviy serverlarga nisbatan bir necha barobar ko'p quvvat talab qiladi va uchta to'siqqa uriladi:

  • ishonchlilik — bir soniyalik uzilish o'nlab soatlik hisob-kitobni yo'q qiladi;
  • energiya narxi — operatsion byudjetning eng katta moddasi;
  • tarmoqqa ulanish quvvati — ko'p mintaqada tarmoq kerakli quvvatni bera olmaydi, navbat yillar davom etadi.

Uchinchisi ko'pincha eng qattiq to'siq bo'lib chiqadi: pul bor, joy bor, ulanish yo'q.

Yechim tarkibi

  • Panellar: Tiger Neo 3.0 platformasi, maksimal 680 Vt, samaradorlik 25,17%
  • Saqlash: SunTera batareyali tizim
  • Boshqaruv: PCS, EMS va bulutli monitoring
  • Arxitektura: 800 V yuqori kuchlanishli o'zgarmas tok (HVDC)

800 V HVDC nima beradi? An'anaviy sxemada energiya bir necha marta o'zgartiriladi: DC → AC → DC. Har bir o'zgartirish 1–3% yo'qotish. Yuqori kuchlanishli o'zgarmas tok magistralida panel, batareya va server oziqlantirish tizimi bevosita ulanadi — ortiqcha bosqichlar tushib qoladi.

Modulning e'lon qilingan boshqa ko'rsatkichlari: bifacial 85% ± 5%, past yorug'likda 4% dan ortiq qo'shimcha ishlab chiqarish, yong'in bo'yicha IEC va UL A klass, do'lga chidamlilik 55 mm gacha (standart talab 25 mm), harorat koeffitsienti −0,26%/°C.

O'zbekiston uchun nima ahamiyati bor

O'zbekistonda ma'lumot markazlari qurilishi bo'yicha loyihalar e'lon qilinmoqda va ularning har biri uchun uzluksiz ta'minot kalit shart.

Ammo bu yangilikning qiymati AIDC bilan cheklanmaydi. Undagi asosiy g'oya — ishlab chiqarish, saqlash va boshqaruvni bitta loyihada, bitta konturda birlashtirish — har qanday yirik iste'molchiga tegishli: sement zavodi, to'qimachilik fabrikasi, sovutkichli logistika markazi, kon-metallurgiya kombinati.

Ular uchun eng qimmatli qismi ham uchinchi to'siq: batareya cho'qqi yuklamani tekislaganda obyektga kamroq ulanish quvvati kerak bo'ladi. Ba'zi hollarda bu tarmoqni rekonstruksiya qilish xarajatidan butunlay qutulish demakdir — va odatda bu tejamkorlik yoqilg'i yoki tarif hisobidagi foydadan kattaroq chiqadi.


Oshkoralik uchun: ushbu yangilik muallifi Jinko ESS kompaniyasida Markaziy Osiyo bo'yicha ishlaydi. Material ochiq manbadagi e'lonlar asosida tayyorlangan va biror uskuna yoki yetkazib beruvchini tavsiya qilish maqsadini ko'zlamaydi.

**Manba: **JinkoSolar rasmiy e'loni, 2026-yil 24-iyul