SunGiga G2 Plus 522 kVt·soat: sanoat obyektlari uchun konteyner xona talab qilmaydi
Jinko ESS ESIE 2026 da suyuqlik bilan sovutiladigan 522 kVt·soatli C&I tizimini ko'rsatdi. IP55 va C5 kombinatsiyasi tizimni ochiq havoda, alohida bino qurmasdan o'rnatishga imkon beradi.

2026-yil 14-aprel. Pekinda o'tgan ESIE 2026 energiya saqlash ko'rgazmasida Jinko ESS tijorat va sanoat (C&I) segmenti uchun SunGiga G2 Plus 522 kVt·soat tizimini taqdim etdi.
Asosiy ko'rsatkichlar
- Sig'imi: 522 kVt·soat (bitta blok)
- Sovutish: suyuqlik; notekis oqim kanallari konstruksiyasi elementlar orasidagi harorat farqini 2 °C ichida saqlaydi
- Rejim almashinuvi: tarmoqli va avtonom rejim orasida 20 millisekund yoki tezroq
- Kengaytirish: parallel ulash orqali 3 MVt·soat gacha
- Himoya: IP55, korroziyaga qarshi C5 toifasi
IP55 va C5 kombinatsiyasi amaliy jihatdan eng qimmatli qismi: tizimni alohida bino yoki maxsus xona qurmasdan, to'g'ridan-to'g'ri maydonchaga o'rnatish mumkin — yuqori harorat, namlik va sho'r muhitda ham. O'zbekiston sharoitida bu qurilish smetasidan butun boshli moddani olib tashlaydi.
Sun'iy intellekt nima qiladi
Tizimga elektr narxini bashorat qiluvchi algoritm o'rnatilgan. Energiya boshqaruv tizimi (EMS) uchta oqimni doimiy o'rganadi: tarixiy tarif narxlari, tarmoq yuklamasidagi tebranishlar, cho'qqi va tungi tarif qoidalari. Shu asosda zaryadlash va tushirish jadvalini avtomatik optimallashtiradi.
Amaliy ma'nosi oddiy: tizim tungi arzon tarifda zaryadlanadi va kunduzgi cho'qqi tarifda korxonani o'z zaxirasidan ta'minlaydi, qo'lda sozlashsiz.
Xavfsizlik
Ko'p qatlamli himoya element, klaster va tizim darajalarida ishlaydi; termik qochish (thermal runaway) oldini olish to'liq zanjir bo'ylab qurilgan, yong'inga qarshi tizim integratsiyalangan.
Litiy-ion tizimlarida bu band narxdan keyingi emas, ko'pincha narxdan oldingi mezon: u sug'urta shartlariga va obyektni ishga tushirish uchun ruxsat olishga bevosita ta'sir qiladi.
O'zbekiston uchun nima ahamiyati bor
522 kVt·soat — bu aynan o'rta sanoat korxonasining o'lchami: to'qimachilik fabrikasi, oziq-ovqat ishlab chiqarish, sovutkichli ombor, savdo majmuasi.
Bunday obyekt uchun ikkita ssenariy ishlaydi. Zaxira ta'minot — uzilish tez-tez uchraydigan zonada batareya dizel generatorga nisbatan tinchroq, arzon ekspluatatsiyali va yoqilg'i logistikasini talab qilmaydi. Cho'qqi yuklamani tekislash — ulanish quvvatini oshirmasdan ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyati.
Uchinchi ssenariy — tarif arbitraji — bizda hozircha cheklangan: u sutkalik tarif farqi qanchalik keng ekaniga bog'liq, va bu farq hozir Yevropadagidan ancha tor.
Oshkoralik uchun: ushbu yangilik muallifi Jinko ESS kompaniyasida Markaziy Osiyo bo'yicha ishlaydi. Material ochiq manbadagi e'lonlar asosida tayyorlangan va biror uskuna yoki yetkazib beruvchini tavsiya qilish maqsadini ko'zlamaydi.
**Manba: **Energy-Storage.News · pv magazine · foto: Jinko ESS