Livanda C&I obyektida 261 kWh li saqlash tizimi ishga tushdi
Batrun yaqinidagi IXSIR korxonasida quyosh, dizel va 261 kWh li batareya bitta obyektda birlashtirildi. Kechki cho'qqi 450 kW, yuklama koeffitsienti 0.62 — va nega bu profil O'zbekiston sanoati uchun

31-iyul 2026. Livanning Batrun shahri yaqinidagi IXSIR vinochilik korxonasida tijorat va sanoat (C&I) segmenti uchun energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Tizim 150 dan ortiq soha vakili ishtirokidagi tadbirda namoyish etildi.
Tizim tarkibi
- Quyosh panellari — Jinko Solar
- Saqlash tizimi — SunGiga G2, sig'imi 261 kWh, hammasi bir korpusda: batareya, PCS, EMS va yong'inni o'chirish tizimi bitta shkafda
- Nominal quvvat — 130.5 kW
- Yetkazib beruvchi — ECOsys, Livandagi rasmiy Jinko ESS distribyutori

«The load we need to serve» — obyektning sutkalik profili taqdimotda ko'rsatildi.
Obyektning yuklama profili taqdimotda keltirildi: kechki cho'qqi 450 kW, yuklama koeffitsienti 0.62, profil ikki cho'qqili.
Kontekst — nega bu Livanda muhim
Livanda C&I obyektlari uchun dizel generator zaxira emas, asosiy manba: u kuniga 6 soatdan 24 soatgacha ishlaydi. Milliy tarmoq (EDL) vaqtining katta qismida o'chiq turadi.
Jinko ESS ning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo'yicha ESS yechimlari rahbari Fadi Makdessining ta'kidlashicha, quyosh ulushi oshgan sari saqlash tizimi majburiy elementga aylanadi. U uchta funksiyani sanab o'tdi:
- quyoshdan olinadigan energiyaning ko'proq qismi o'zlashtiriladi;
- tarmoq o'chganda tizim invertorlar uchun tayanch kuchlanishni o'zi beradi — ilgari buni dizel generator bajarardi;
- dizel faqat kerak bo'lganda va o'zining eng tejamli rejimida ishlaydi.

Tizim 150 dan ortiq soha vakili ishtirokidagi tadbirda namoyish etildi.
O'zbekiston uchun nima ahamiyati bor
Bevosita o'xshashlik chegaralangan: O'zbekistonda tarmoq mavjud va dizel kuniga 24 soat emas, kechki cho'qqi soatlarida zaxira sifatida ishlaydi. Shuning uchun bu yerda iqtisodiy hisob solyarkani tejashga emas, cho'qqi yuklamani kamaytirish va ishlab chiqarish uzluksizligiga quriladi.
Texnik jihat esa bir xil. Ikki cho'qqili yuklama profili — O'zbekistondagi ko'plab sanoat korxonalari uchun tipik holat, va kechki cho'qqi quyosh botgandan keyin kelgani uchun uni faqat panel bilan yopib bo'lmaydi.
Ikkinchi kuzatuv — loyihani ishlab chiqaruvchi emas, mahalliy distribyutor yetkazgani. Bu segmentning odatiy tuzilishi: uskuna import qilinadi, loyihalash, montaj, ulanish va keyingi xizmat ko'rsatish esa mahalliy kompaniyada qoladi.
Bir texnik aniqlik
Dastlabki e'londa tizim quvvati 135 kVA deb ko'rsatilgan. kVA — to'liq quvvat, kW — faol quvvat; bu ikki xil kattalik. Ishlab chiqaruvchining 2026-yilgi IEC datasheet hujjatida SunGiga G2 ning nominal faol quvvati 130.5 kW deb berilgan. Ushbu yangilikda datasheet raqami ishlatildi.
Oshkoralik uchun: ushbu yangilik muallifi Jinko ESS kompaniyasida Markaziy Osiyo bo'yicha ishlaydi. Material ochiq manbadagi e'lon asosida tayyorlangan va biror uskunani tavsiya qilish maqsadini ko'zlamaydi.
**Manba: **Fadi Makdessi, Jinko ESS MEA & CA — LinkedIn, 31.07.2026 · texnik raqamlar: SunGiga G2 IEC datasheet, 2026 · fotolar: Fadi Makdessi / Jinko ESS MEA & CA