Hindistonda 722 MVt·soat: yirik quyosh bazasiga 144 ta saqlash bloki yetkazildi
Jinko ESS Hindistondagi yirik elektr stansiyasi uchun 722 MVt·soat hajmdagi batareyali tizimni yetkazib berdi. Bizga eng yaqin jihati — issiq iqlimda suyuqlik bilan sovutishning roli.

2026-yil iyun. Jinko ESS Hindistondagi yirik ko'lamli elektr stansiyasi uchun 722 MVt·soat hajmdagi batareyali energiya saqlash tizimini yetkazib berishni yakunladi. Loyihada suyuqlik bilan sovutiladigan 144 ta SunTera G2 bloki o'rnatilgan.
Jinko ESS vitse-prezidenti Anita Li: "Yirik ko'lamli qayta tiklanuvchi energiya bazalari energiya saqlash tizimlariga tobora yuqori talablar qo'ymoqda."
Nega yirik quyosh bazasiga saqlash kerak
Quyosh stansiyasining muammosi quvvatda emas, vaqtda. Ishlab chiqarish soat 11:00–15:00 oralig'ida cho'qqiga chiqadi, iste'mol esa ertalab va kechqurun eng yuqori bo'ladi. Bu nomuvofiqlik ikki oqibat beradi:
Curtailment — tarmoq ortiqcha quvvatni qabul qila olmaydi va stansiya majburan cheklanadi; ishlab chiqarilgan energiya yo'qoladi.
Kechki tanqislik — quyosh botgach tizim gaz yoki ko'mir stansiyalariga qaytadi.
Batareya ikkalasini ham hal qiladi: kunduzgi ortiqchani saqlab, kechqurun qaytaradi. Shu sababli dunyodagi yangi yirik quyosh bazalarida saqlash ixtiyoriy komponentdan majburiyga aylanmoqda.
Suyuqlik bilan sovutish nima beradi
SunTera G2 havo emas, suyuqlik bilan sovutiladi. Havo sovutishga nisbatan farqi uchta:
- elementlar orasidagi harorat farqi kichik bo'ladi — bu tizim resursini uzaytiradi, chunki eng issiq element butun klaster ishini cheklaydi;
- o'z ehtiyoji uchun sarflanadigan energiya (auxiliary consumption) kamayadi;
- yuqori harorat sharoitida barqaror ishlaydi.
Uchinchisi bizga bevosita tegishli. Yozda soyada 42–45 °C ga chiqadigan mintaqada havo bilan sovutiladigan tizim quvvatini pasaytirishga (derating) majbur bo'ladi — ya'ni sotib olingan quvvatning bir qismidan aynan eng kerakli paytda foydalanib bo'lmaydi.
O'zbekiston uchun nima ahamiyati bor
Hindiston bizga texnik jihatdan yaqin bozor: issiq iqlim, tez o'sayotgan quyosh quvvati, tarmoqning cheklangan moslashuvchanligi. Bu yerda ishlagan yechim mintaqamizda ham ishlashi ehtimoli yuqori — texnik topshiriq yozayotgan loyihachilar uchun foydali mos yozuv nuqtasi.
Bir ogohlantirish bilan: 722 MVt·soat — bu tarmoq darajasidagi loyiha, uning iqtisodiy modeli ulgurji bozor va tarmoq operatori bilan tuzilgan shartnomaga tayanadi. Zavod darajasidagi obyekt uchun hisob butunlay boshqacha quriladi va bu raqamni to'g'ridan-to'g'ri ko'chirish xato bo'ladi.
Oshkoralik uchun: ushbu yangilik muallifi Jinko ESS kompaniyasida Markaziy Osiyo bo'yicha ishlaydi. Material ochiq manbadagi e'lonlar asosida tayyorlangan va biror uskuna yoki yetkazib beruvchini tavsiya qilish maqsadini ko'zlamaydi.
**Manba: **Energy-Storage.News, 2026-yil iyun · foto: Jinko ESS