BESS bozori yiliga 100 GVt dan oshdi: Wood Mackenzie birinchi integratorlar reytingini chiqardi
Wood Mackenzie ilk bor global BESS integratorlari reytingini e'lon qildi. Undagi eng foydali qism reyting o'rinlari emas — yetkazib beruvchini baholash mezonlari.

2026-yil iyul. Tahliliy kompaniya Wood Mackenzie batareyali energiya saqlash tizimlari (BESS) integratorlari bo'yicha birinchi global reytingini e'lon qildi.
Hisobotning bosh raqami: 2025-yilda dunyo bo'ylab yiliga o'rnatilgan BESS quvvati birinchi marta 100 GVt dan oshdi.
Reyting AC-integratsiyalangan tizimlarni baholaydi — zavodda yig'ilgan, tarkibida batareya, PCS, BMS, termik boshqaruv va nazorat tizimi bo'lgan tayyor yechimlarni.
Birinchi o'nlik: Sungrow, Tesla, CATL, BYD, Envision va Trina Storage (teng 5-o'rin), Fluence, LG, Canadian Solar, Wärtsilä. Jami 18 ta ishlab chiqaruvchi "A toifa" (Grade A) tasnifini oldi — Jinko ESS shular qatorida.
Reytingdan ko'ra mezonlari qimmatroq
O'rinlar ro'yxati o'z-o'zidan kam narsa beradi. Foydalisi — baholash o'nta mezon bo'yicha olib borilgani: texnologiya yetukligi va R&D, xavfsizlik, vertikal integratsiya, ta'minot zanjiri, ESG, moliyaviy holat, tizim samaradorligi va sikl ko'rsatkichlari, uzoq muddatli ekspluatatsiya, global loyihalarni bajarish tajribasi.
Hisobotning uchta xulosasi mahalliy xaridorga to'g'ridan-to'g'ri tegishli:
Tajriba. Birinchi o'nlikdagi oltitasining integratsiya tajribasi o'n yildan oshadi. BESS'da mahsulotni sotib olish oson, uni loyihalash, ulash va ishga tushirish qiyin.
Vertikal integratsiya. O'nlikdagi barcha kompaniyalar kamida bitta kalit komponentni — element, PCS yoki BMS ni — o'zi ishlab chiqaradi. Nosozlik chiqqanda javobgarlikni boshqaga o'tkazib bo'lmaydi.
Moliyaviy holat. O'ntadan to'qqiztasi foyda bilan ishlaydi, to'qqiztasi daromadining 4% dan ortig'ini R&D ga sarflaydi. 10–15 yillik kafolat bergan kompaniya o'sha muddat davomida mavjud bo'lishi shu bilan bog'liq.
Wood Mackenzie tahlilchisi Timothy Shen: xaridorlar endi narxdan ko'ra bajarish ishonchliligiga ko'proq e'tibor qaratmoqda.
O'zbekiston uchun nima ahamiyati bor
BESS panelga o'xshamaydi. Panel — passiv qurilma: o'rnatasiz va 25 yil deyarli unutasiz. BESS esa aktiv tizim — dasturiy ta'minot, sovutish, yong'in xavfsizligi, yillik texnik ko'rik va garantiya xizmatini talab qiladi.
Shuning uchun yetkazib beruvchini tanlashda uchta savol:
- Element, PCS yoki BMS ni kompaniya o'zi ishlab chiqaradimi?
- Xalqaro reytinglarda qanday baholangan?
- Mintaqada texnik xizmat ko'rsatadigan jamoasi bormi?
Uchinchisi ko'pincha eng muhimi va taklif hisob-kitobida hech qachon ko'rinmaydi.
Oshkoralik uchun: ushbu yangilik muallifi Jinko ESS kompaniyasida Markaziy Osiyo bo'yicha ishlaydi. Material ochiq manbadagi e'lonlar asosida tayyorlangan va biror uskuna yoki yetkazib beruvchini tavsiya qilish maqsadini ko'zlamaydi.
**Manba: **Wood Mackenzie · ESS News · grafika: Jinko ESS