ENERSAN

Afina aeroporti 123,8 MVt·soatga o'tdi: yirik iste'molchi tarmoqdan qanday mustaqillashadi

Jinko ESS Afina xalqaro aeroporti uchun 123,8 MVt·soat hajmdagi saqlash tizimini yetkazib berdi. 36 ta konteyner aeroportni o'z quyosh energiyasi bilan yil davomida ta'minlaydi.

Enersan··2 daqiqa o'qish
Enersan - Afina aeroporti 123,8 MVt·soatga o'tdi: yirik iste'molchi tarmoqdan qanday mustaqillashadi

2025-yil sentabr. Jinko ESS Afina xalqaro aeroporti (AIA) uchun 123,8 MVt·soat quvvatdagi energiya saqlash tizimini to'liq yetkazib berganini e'lon qildi. Tizim 36 ta konteyner blokidan iborat, har birining nominal sig'imi 3,44 MVt·soat.

Loyiha 2024-yil iyun oyida Jinko ESS va yunon EPC kompaniyasi kIEFER TEK o'rtasida imzolangan kelishuvning natijasi. Aeroportda Jinko ESS Utility G1 tizimi o'rnatilmoqda.

Bu — dunyodagi eng yirik aeroport miqyosidagi quyosh + saqlash o'z-o'zini ta'minlash loyihalaridan biri.

Loyihaning mantig'i

Aeroport o'z hududida quyosh panellari o'rnatgan. Ammo aeroport 24 soat ishlaydi, quyosh esa faqat kunduzi elektr beradi.

Batareya shu bo'shliqni to'ldiradi: kunduzi ishlab chiqarilgan energiya saqlanadi va sutkaning qolgan qismida iste'mol qilinadi. Natijada aeroport an'anaviy tarmoqqa bog'liqligini minimallashtiradi.

Tizim aeroportning ROUTE 2025 dasturi doirasidagi uglerod-neytrallik maqsadini qo'llab-quvvatlaydi.

Jinko ESS Yevropa rahbari Roberto Murgioni: "Biz ishga tushirishni soatma-soat davom ettirmoqdamiz — tizim eng gavjum sayohat mavsumigacha ishga tushishi kerak."

Gretsiyaning ikkinchi loyihasi: 20 ta obyekt, 100 MVt·soat

Afina yagona loyiha emas. Kompaniya mamlakat bo'ylab 20 ta obyektda jami 100 MVt·soat taqsimlangan saqlash tarmog'ini ham ta'minlaydi — har bir maydonchada 5 MVt·soatli ESS G2 bloki, to'rt soatlik konfiguratsiyada.

E'lon qilingan ko'rsatkichlar: aylanma samaradorlik 94%, elementlar orasidagi harorat farqi ±2,5 °C, o'z ehtiyoji uchun sarf 20% ga kam, barcha obyektlar bitta bulutli platformadan boshqariladi.

Ko'p obyektli format Gretsiyaning tog'li relyefi va orollar geografiyasiga mos tanlangan.

O'zbekiston uchun nima ahamiyati bor

Afina keysi bitta g'oyani ko'rsatadi: yirik iste'molchi o'zining quyosh stansiyasi va batareyasi bilan tarmoqdan deyarli mustaqil bo'la oladi. Mintaqamizda bu model xalqaro aeroportlar, logistika markazlari, sovutkichli omborlar, ishlab chiqarish korxonalari va savdo majmualari uchun tayyor.

Ikkinchi saboq — taqsimlangan format. 100 MVt·soatlik loyiha bitta katta maydonchada emas, 20 ta kichik obyektda joylashtirilgan va bitta platformadan boshqariladi. O'zbekistonda ham tarmoqning zaif nuqtalari turli hududlarga tarqalgan, shuning uchun bu yondashuv bitta ulkan stansiyadan amaliyroq bo'lishi mumkin.

Bir izoh bilan: Afina loyihasining iqtisodiy asosi Yevropa Ittifoqidagi elektr narxi va uglerod majburiyatlariga tayanadi. Bizda hisob boshqa raqamlarga — ulanish quvvati va uzilish narxiga quriladi.


Oshkoralik uchun: ushbu yangilik muallifi Jinko ESS kompaniyasida Markaziy Osiyo bo'yicha ishlaydi. Material ochiq manbadagi e'lonlar asosida tayyorlangan va biror uskuna yoki yetkazib beruvchini tavsiya qilish maqsadini ko'zlamaydi.

**Manba: **JinkoSolar · Energy-Storage.News — Afina · Energy-Storage.News — 100 MWh · foto: Jinko ESS