ENERSAN

Quyosh panellarini O'zbekistonda ishlab chiqarish nega o'zini oqlamaydi?

«O'zimiz ishlab chiqaraylik» — vatanparvarona, lekin raqamlar to'rtta devorga uriladi: zarar ko'rayotgan gigantlar, yo'q sanoat ekotizimi, dengizsiz geografiya va texnologiyaning shafqatsiz eskirishi.

Enersan··4 daqiqa o'qish
Enersan - Quyosh panellarini O'zbekistonda ishlab chiqarish nega o'zini oqlamaydi?

Muallif: Komron Adxamov, energetika sohasi mutaxassisi


“O'zimizda zavod quraylik, o'zimiz ishlab chiqaraylik” — bu g'oya har doim vatanparvarona yangraydi. Quyosh panellari haqida gap ketganda ham shu taklif tez-tez ko'tariladi: nega biz Xitoydan sotib olishimiz kerak, o'zimiz qilsak bo'lmaydimi?

Bo'ladi. Lekin raqamlarga qarasak — bo'lmasligi kerak. Va buning to'rtta jiddiy sababi bor.

1-sabab: Bu bozorda hatto gigantlar ham pul topa olmayapti

Dunyoning eng yirik panel ishlab chiqaruvchilari — Jinko, LONGi, Trina, JA Solar — texnologiya, masshtab va davlat ko'magi bo'yicha erishib bo'lmas darajada oldinda. Va bilasizmi, ular hozir qanday ahvolda?

Hammasi zarar ko'ryapti. 2025-yilning birinchi yarmida Xitoyning to'rtta yetakchi ishlab chiqaruvchisi jami 1.5 milliard dollardan ortiq zarar qayd etdi. Soha bo'yicha jamlangan zarar o'nlab milliard dollarga yetdi, o'n minglab ish o'rinlari qisqartirildi. Narx urushi shunchalik keskinki, panellar ba'zan tannarxidan past sotilmoqda.

Bu kompaniyalarni Xitoy davlati yillar davomida subsidiyalar, arzon kredit va sanoat siyosati bilan qo'llab-quvvatlab kelgan. Ular shunga qaramay minusda.

Endi savol: agar 100+ gigavattlik masshtabga, to'liq ta'minot zanjiriga va davlat yelkasiga ega gigantlar zarar ko'rayotgan bo'lsa — yiliga bir necha yuz megavattlik zavod O'zbekistonda qanday foyda ko'radi?

Xitoy soliq to'lovchilari butun dunyo uchun panellarni arzonlashtirib berayotgan ekan — bundan jahon iqtisodiyotidagi eng katta “sovg'a”lardan biri sifatida foydalanish kerak, u bilan raqobatlashishga urinish emas.

2-sabab: Panel — bu bitta zavod emas, butun sanoat ekotizimi

“Panel zavodi” degan ibora aldamchi. Panel — ishlab chiqarish zanjirining faqat oxirgi halqasi. Uning ichida:

polikremniy → ingot → vafer (plastina) → quyosh xujayrasi (cell) → modul

Quyosh paneli ta'minot zanjiri — modul yig'ish oxirgi ~15%

«Panel zavodi» — besh bosqichli zanjirning faqat oxirgi bo'g'ini; qolgani import.

Va bu faqat asosiy zanjir. Yana: maxsus shisha, EVA/POE plyonka, backsheet, alyuminiy rom, payvandlash lentasi, kumush pasta, fluslar, ulagich qutilari. Har biri — alohida sanoat, har biri Xitoyda gigant masshtabda, bir-biriga tekkan holda (ko'pincha bitta sanoat parkida) ishlab chiqariladi.

Bu ekotizim ham vertikal (xomashyodan tayyor mahsulotgacha), ham gorizontal (har bir komponent bo'yicha chuqur ixtisoslashuv) yetuklikka intiladi. O'zbekistonda “panel zavodi” qurish — bu zanjirning faqat oxirgi 10-15 foizini mahalliylashtirish degani. Qolgan hamma narsa baribir Xitoydan keladi — endi bojxona, logistika va kichik hajm ustamasi bilan. Natijada “mahalliy” panel importdan qimmatroq chiqadi.

3-sabab: Masshtab va dengiz — bizda ikkalasi ham yo'q

Panel — birja tovariga aylangan mahsulot. Bozor narxga o'ta sezgir: bir necha sentlik farq xaridorni boshqa yetkazib beruvchiga o'tkazib yuboradi. Narxni tushirishning yagona yo'li — gigant hajmda ishlab chiqarish.

Gigant hajm esa eksportni talab qiladi: O'zbekistonning ichki bozori har qanday jiddiy zavodni to'ydirish uchun kichik. Va shu yerda geografiya o'z hukmini chiqaradi: biz dengizga chiqishi yo'q davlatmiz. Xitoy zavodi konteynerni portga yuklab, dunyoning istalgan nuqtasiga suv yo'li bilan arzon jo'natadi. Bizning eksportimiz esa temir yo'l va avtotransport orqali, qo'shni davlatlar tranziti bilan — har kilometri narxga qo'shilib boradi.

Narxga sezgir, marja deyarli nol bo'lgan tovarni logistika bo'yicha nogiron pozitsiyadan eksport qilish — iqtisodiy jihatdan mag'lubiyatga mahkum strategiya.

4-sabab: Texnologiya poygasida kechikkanning jazosi — temir uyum

Eng og'riqli argument — texnologik eskirish tezligi.

Yaqin-yaqingacha bozorning standarti P-Type PERC texnologiyasi edi. Keyin N-Type TOPCon keldi — samaradorligi yuqoriroq, degradatsiyasi pastroq. Bir-ikki yil ichida TOPCon bozorni egalladi, PERC esa... Yevropa tahlilchilari uni rasman “eskirgan texnologiya” deb e'lon qilishdi. PERC liniyalariga qilingan milliardlab dollarlik investitsiyalar butun dunyoda “qotib qolgan aktiv”ga aylandi.

Bu bizga ham tegdi: O'zbekistonga olib kelingan PERC uskunalari asosidagi loyihalar ishga tushmasidanoq ma'nan eskirdi. Zavod qurilishi 2-3 yil davom etadi; shu vaqt ichida Xitoy laboratoriyalarida keyingi avlod (TOPCon'dan keyin HJT, tandem-perovskit) allaqachon sinovdan o'tmoqda.

Texnologiya poygasida qatnashish uchun zavod yetarli emas — R&D markazlari, laboratoriyalar, ilmiy kadrlar maktabi kerak. Ularsiz biz doim “kecha eskirgan texnologiyani ertaga o'zlashtirayotgan” pozitsiyada qolamiz. Har safar.

Xo'sh, unda nima qilish kerak?

Bu maqola “hech narsa qilmaylik” degani emas. Bu — kuchni to'g'ri nuqtaga yo'naltiraylik degani. Iqtisodda buni qiyosiy ustunlik deyishadi: hamma narsani o'zing qilishing shart emas, o'zing eng yaxshi qiladigan narsani qil.

Panelni Xitoy dunyodagi eng arzon narxda berib turibdi — bu bizniki bo'lmagan poyga. Bizniki bo'lgan poyga esa:

  • Joriy etish (deployment). Quyosh energetikasidan asosiy iqtisodiy qiymat panelni ishlab chiqarganga emas, uni to'g'ri o'rnatib, samarali ishlatganga tegadi. Loyihalash, EPC, montaj, ekspluatatsiya — bu xizmatlar importi mumkin emas, ular har doim mahalliy. Minglab ish o'rni ham aynan shu yerda.

  • Muhandislik va integratsiya. Tizim dizayni, BESS integratsiyasi, tarmoq muhandisligi, energiya auditi — yuqori malakali, yaxshi haq to'lanadigan, eskirmayadigan kompetensiyalar.

  • Panellar atrofidagi og'ir komponentlar. Eksport shart bo'lmagan, logistika himoya qiladigan mahsulotlar: metall konstruksiyalar, kabel, transformatorlar, montaj tizimlari. Bularda mahalliy ishlab chiqarish mantiqan to'g'ri — og'ir, hajmli, tashish qimmat.

  • Odamlar. Koreya ham 1970-larda hamma narsani o'zi qilmagan — avval texnologiyani sotib olib, odamlarni o'qitgan. Bizning eng to'g'ri investitsiyamiz — zavod devorlari emas, muhandislar avlodi.

Qiyosiy ustunlik — panel ishlab chiqarish vs o'rnatish va integratsiya

Panel poygasini Xitoyga qoldirib, o'rnatish va integratsiyada yutish.

Xulosa

Quyosh panelini O'zbekistonda ishlab chiqarish g'oyasi to'rtta devorga uriladi: zarar ko'rayotgan gigantlar bilan raqobat, yo'q sanoat ekotizimi, dengizsiz geografiya va texnologiyaning shafqatsiz eskirish tezligi.

Aqlli strategiya — poygani tanlashda: panel poygasini Xitoyga qoldirib, arzonlashayotgan har bir paneldan maksimal foyda oladigan tomonda turish. Eng ko'p yutadigan davlat — eng ko'p panel ishlab chiqargan emas, eng ko'p va eng aqlli o'rnatgan davlat bo'ladi.


Maqola muallifning shaxsiy tahliliy pozitsiyasi.

**Manbalar: **PV Tech — top-4 H1 2025 zararlari · PV Magazine — LONGi/Tongwei 2025 zararlari · PV Tech — PERC eskirgan · CSIS tahlili